Biografiya

Mening shaxsiy vebsaytimga xush kelibsiz! Bu yerda men nogironlik va inklyuziya, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish muammolari haqida o‘z tadqiqotlarim va eskpert fikrim, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalarim bo‘yicha tajribam bilan o‘rtoqlashaman.

Men O‘zbekistonda turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil tadqiqotchi va fuqarolik faoliman. Men o‘z ishimda O‘zbekistondagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni chetlatish, kamsitish va marginallashuvi bilan bog‘liq muammolarini tahlil qilish uchun etnografik va ishtirokga asoslangan (partisipativ) tadqiqot usullaridan foydalanaman.

2023-yilda men Buyuk Britaniyadagi Sasseks Universitetining Taraqqiyot Tadqiqotlari Instituti (IDS) falsafa doktori (PhD) darajasini oldim. Yaponiyadagi Vaseda universitetida iqtisod fanlari rivojlanayotgan davlatlar iqtisodi mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasi va Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida (MGIMO universiteti) xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha bakalavr darajalariga egaman.

2017 yil sentyabr oyida IDSda o‘qishni boshlashdan oldin men Yaponiya hukumatining O‘zbekistondagi inson xavfsizligini taminlash bo‘yicha kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg’araz yordam dasturi koordinatori hamda Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ning «O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan insonlarni ijtimoiy muhofaza qilish va reabilitatsiyasini yaxshilash» loyihasi yordamchisi sifatida ishladim. Hozirgi kunda men UNICEF, Jahon banki, BMTTD va boshqa shu kabi xalqaro tashkilotlarga nogironlik va inklyuziya masalalarida maslahat beraman.

Nogironlik va inklyuziv rivojlanish sohasidagi kasbiy va ilmiy tajribamdan tashqari, men O‘zbekistonda vujudga kelayotgan nogironlar huquqlarini himoya qilish harakatining ittifoqchisiman. 2013-yildan buyon turli shakldagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning mahalliy jamoat tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilib kelaman. 2016-yilda bir guruh nogironligi bo‘lgan faollar bilan hamkorlikda Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi nodavlat notijorat tashkilotini tashkil qildik. Maqsadimiz – O‘zbekistonda barcha uchun to‘siqlardan holi va inklyuziv jamiyatni yaratishga qaratilgan.

2018-yil oktyabr oyidan boshlab men nogironlik, inklyuziya, tengsizlik va kambag‘allikni kamaytirish muammolari, shuningdek, O‘zbekistonda mustaqil fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha tahliliy maqolalar yozishni boshladim. Men Markaziy Osiyo tahliliy hisobotlar byurosining (CABAR.asia) eksperti va O‘zbekistonda mashhur internet nashri Gazeta.uz kolumnistiman. Mening ilmiy maqolalarimni Google Scholar va ORCID profillarida topish mumkin.