Markaziy Osiyo uchun birinchi marta: Qozog‘istonlik Lyazzat Kaltayeva BMTning Nogironlar huquqlari qo‘mitasiga saylandi
Foto: Qozog’istonning BMT doimiy vakolatxonasi
2026-yil 9-iyun kuni Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shtab-kvartirasida tarixiy bir voqea yuz berdi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya (CRPD) ishtirokchi davlatlar konferensiyasining 19-sessiyasida Qozog‘istonlik Lyazzat Qaltayeva 2027–2030 yillar uchun BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyani amalga oshirish qo‘mitasiga saylandi.
Lyazzat ushbu xalqaro organga saylangan Markaziy Osiyodan birinchi vakil bo‘ldi. U 157 ta ovoz oldi — bu barcha nomzodlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich. Mintaqada nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish uchun faoliyat yuritayotganlar uchun bu kichkina bir yangilik emas. Bu tarixiy burilish nuqtasi!
Lyazzat Qaltayeva kim?
1965-yilda tug‘ilgan Lyazzat Qaltayevaning nogiron shaxslar huquqlari uchun kurash yo‘li ma’ruza zalida yoki siyosat idorasida emas, balki shaxsiy kulfat lahzasida boshlandi. Yetti yoshida u avtomobil halokati natijasida umurtqa pog‘onasi shikastlangan. O‘sha davrda sovet Qozog‘istonidagi ko‘plab nogironligi bor bolalar singari u ham uyda o‘qishga majbur bo‘lgan — tengdoshlaridan va ijtimoiy hayotdan uzilgan holda, nogironlikni fuqarolik huquqi muammosi sifatida emas, balki boshqariladigan tibbiy muammo deb biladigan tizimning mahsuli bo‘lib.
Hayotining muhim bir jihatdan biri: uning oilasi undan voz kechmadi. Oilasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli Lyazzat barcha to‘siqlarga qaramay ta’lim olishda davom etdi. U Umumittifoq sirtqi san’at institutini grafika va molbert rassomligi bo‘yicha tugatdi, keyinroq esa Abay nomidagi Qozoq pedagogika institutini ham bitirdi. Biroq kattalar yoshiga yetib, ortga nazar tashlar ekan, oilasining faqat uning o‘qiy olishi, ishlashi va jamiyat hayotiga ishtirok eta olishi uchun qancha to‘siqlarni yengib o‘tganini angladi — va shunda tizimli istisnolikning to‘la og‘irligi unga oydin bo‘ldi.
«Faqat hozir anglab yetdim: mening o‘qishim, ishlashim, muloqot qilishim va oila qurishing uchun oilam qancha to‘siqlarni yengib o‘tganini,» — deydi u.

Shaxsiy tajribadan fuqarolik jamiyatini safarbar etishga
Qaltayeva xonim nogironligi bor shaxslarni huquq egalari emas, balki rahm-shafqat oluvchilar sifatida ko‘rsatadigan xayriya modeliga asoslangan yondashuvni tanlamadi. Huquqlarni himoya qilish faoliyatining boshidanoq u prinsipial muqobil yondashuvni tanladi: nogironlikka nisbatan inson huquqlariga asoslangan yondashuv (ingliz tilida: human rights based approach to disability). Lyazzat 20 yildan ortiq vaqt davomida Qozog‘istonda inklyuziyani targ’ib qilib kelmoqda.
2001-yilda u Olmaotada joylashgan Nogironligi bor ayollar uyushmasi «Shyrak» (nodavlat notijorat tashkiloti)ga asos soldi. Keyingi ikki o‘n yil ichida «Shyrak» to‘rtta strategik yo‘nalishda 50 dan ortiq loyihani amalga oshirib, Qozog‘iston bo‘ylab deyarli 3 000 nogironligi bor ayolni birlashtirgan tarmoqqa aylandi: ta’lim va ijtimoiy inklyuziya; huquqiy himoya va huquqlarni yoqlash; nogironlik harakatini tashkiliy rivojlantirish; hamda Markaziy Osiyo bo‘ylab mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash.
Missiya aniq edi — achinish emas, kuch. Tibbiy reabilitatsiya emas, huquqlar. «Tashkilotning qadriyatlari — xilma-xillik va tenglik, ishtirok va taraqqiyot, qadr-qimmat va adolat,» deb ta’kidlagan u.
Uning mintaqaviy intilishlari Qozog‘iston chegaralaridan tashqariga chiqdi. U Markaziy Osiyo nogironlik forumi (CADF) ga raislik qildi va Markaziy Osiyo nogironligi bor ayollar yetakchilari va tashkilotlari tarmog‘ini yaratdi — mintaqada misli ko‘rilmagan chegaralararo birdamlik infratuzilmasini. 2007-yilda u Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi nogironligi bor ayollar ahvoliga oid birinchi sotsiologik tadqiqotni tashkil etdi. Bular ramziy tadbirlar emas edi, balki ongli ravishda qurilayotgan harakatning isboti edi.
Fuqarolik jamiyatidan hokimiyat dargohlariga
Barcha fuqarolik jamiyatidagi yutuqlariga qaramay, Qaltayeva qonun chiqaruvchi hokimiyatga kirish imkoni bo‘lmagan yoqlash faoliyatining o‘z chegarasi borligini angladi. U bu chegarani bosqichma-bosqich yengib o‘tdi.
2016-yildan boshlab u Olmaota maslihatida (mahalliy kengash) deputat sifatida xizmat qildi. Keyin, 2022-yil yanvarda prezident farmoni bilan u Qozog‘iston Senatiga — parlamentning yuqori palatasi — tayinlandi va mamlakat 700 000 dan ortiq nogironligi bor shaxslarini rasman ifodalagan birinchi senator bo‘ldi. Bu vazifada u Konvensiyaning Ixtiyoriy protokoliga Qozog‘istonning qo‘shilishi bilan birga CRPD ratifikatsiyasi va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish uchun ovoz bo‘ldi.
Shu bilan birga, u Qozog‘iston Milliy nogironlik kengashi a’zosi, Prezident huzuridagi Milliy ayollar ishlari, oila va demografik siyosat komissiyasi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi va Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlantirish vaziri maslahatchisi bo‘lib ishladi. U Qozog‘istonni bir qator xalqaro forumlarda, jumladan CRPD ishtirokchi davlatlar konferensiyasida va IFES hamda AQSh Davlat departamenti tomonidan tashkil etilgan nogironlikni inobatga olgan demokratiya tadbirlarida ifodaladi.
Qaltayeva xonim BMT qo‘mitasiga texnokrat sifatida kelmadi. U hozir ifodalayotgan harakatni uch o‘n yil davomida qurgan inson sifatida saylandi.
Bu saylov Markaziy Osiyo uchun nima anglatadi
CRPD qo‘mitasi imzo chekkan davlatlar Konvensiyani qanday amalga oshirayotganini kuzatish uchun mas’ul 18 mustaqil ekspertdan iborat. U mamlakatlar hisobotlarini ko‘rib chiqadi, yakuniy kuzatuvlarni chiqaradi va butun dunyodagi nogironlik huquqi va siyosatini shakllantiradigan umumiy sharhlar orqali shartnoma qoidalarini talqin qiladi. Bu organdagi o‘rin faxriy unvon emas — bu xalqaro normalarni shakllantirishga imkon beradigan minbardir.
Markaziy Osiyoning bu sohada hozirgacha ovozga ega bo‘lmaganligi o‘zi bir tashxisdir. Ko‘plab mamlakatlarda mintaqamizning nogironlik huquqlari tizimlari hali ham sovet tibbiy-xayriya modelining kuchli ta’siri ostida: nogiron shaxslarni nuqsonlariga qarab tasniflash, ularni ajratilgan muassasalarga va nafaqa toifalariga biriktirish, hamda jamiyat hayotida ishtirokni kutilgan holat emas, balki istisno holat sifatida ko‘rish.
Shu bilan birga, CRPD ning eng ilg‘or talqinlari — huquqiy layoqat, inklyuziv ta’lim, deinstitutionalizasiya va qarorlar qabul qilishda yordam ko‘rsatish borasida — dunyoning bizga tegishli qismidan hech qanday tizimli hissa qo‘shilmasdan ishlab chiqilgan va muhokama qilingan.

«Bu Qozog‘iston va Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolik jamiyatining kuchi va salohiyatidir — prinsipial pozitsiyasi va tinmay olib boradigan inson huquqlari faoliyati bilan butun dunyoga tanilgan nogiron shaxslar tashkilotlari va faollarining kuchi va salohiyatidir,» deb yozdi Lyazzat o‘zining Facebook sahifasida.
Qo‘mita a’zosi sifatida xonim Qaltayevaning ustuvor yo‘nalishlari mintaqamizda Konventsiyani amalga oshirish uchun muhim bo‘lgan asosiy sohalarga qaratilganligi xabar qilinmoqda:
- to‘liq inklyuziya va mustaqil yashash;
- adalatga kirish huquqi va zo‘ravonlik hamda kamsitishdan himoya;
- nogiron shaxslar huquqlarini iqlim kun tartibi, favqulodda holatlarga javob va migratsiyaga integratsiya qilish.
Aynan mana shu sohalarda Markaziy Osiyo davlatlari siyosati eng ko‘p turib qolmoqda. O‘zining barcha qarama-qarshiliklari bilan birga Qozog‘iston mintaqamizdagi boshqa mamlakatlarga qaraganda bu yo‘nalishlarda institutsional jihatdan biroz oldinda menimcha. Qaltayeva xonimning saylanishi barchamiz uchun yaxshigina imkoniyat yaratadi — chegaralararo muloqot, o‘rganish va mas’uliyat uchun imkoniyat. Qo‘mita a’zosi sifatida u qo‘shni davlatlarning hisobotlari bilan birga CRPD davlat hisobotlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi. Eng muhimi, uning xalqaro darajada ko‘rinarliligi butun mintaqaviy nogironlik huquqlari loyihasining nufuzini oshiradi.
Ko‘proq o‘qish uchun (ingliz tilida):
Qozog’iston BMT Nogironlar huquqlari qo’mitasida o’rin egalladi — Markaziy Osiyo uchun birinchi marta — The Astana Times, 2026-yil 10-iyun
https://astanatimes.com/2026/06/kazakhstan-secures-seat-on-un-disability-rights-committee-first-time-for-central-asia/
«Biz nogironlikka inson huquqlariga asoslangan yondashuvni rivojlantirishga intilmoqdamiz» (2020 yildagi intervyu, «Shyrak» uyushmasi) — The Astana Times
https://astanatimes.com/2020/11/we-seek-to-promote-a-human-rights-based-approach-to-disability-says-shyrak-association-leader-lyazzat-kaltayeva/
Qozog’istonning taniqli nogironlik huquqlari faoli Lyazzat Qaltayeva Senat deputati etib tayinlandi — The Astana Times, 2022-yil yanvar
https://astanatimes.com/2022/01/kazakhstans-prominent-disability-rights-activist-lyazzat-kaltayeva-appointed-senate-deputy/
Lyazzat Qaltayeva — Make the Right Real (BMT bilan bog’liq chempion profili, uning Markaziy Osiyo tarmog’ini qamrab oladi)
https://www.maketherightreal.net/champions/lyazzat-kaltayeva
Qozog’istonda Ixtiyoriy protokol ratifikatsiyasi — BMTTD Qozog’iston, 2023-yil iyun
https://www.undp.org/kazakhstan/news/ratification-optional-protocol-kazakhstan-important-step-towards-protecting-rights-persons-disabilities