Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi - Dilmurod Yusupov
16522
post-template-default,single,single-post,postid-16522,single-format-standard,ajax_fade,page_not_loaded,,qode-title-hidden,qode-child-theme-ver-1.0.0,qode-theme-ver-17.2,qode-theme-bridge,qode_header_in_grid,wpb-js-composer js-comp-ver-5.6,vc_responsive

Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi

O‘tgan safar Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jaev meni vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi bo‘lishga taklif qilgani haqida aytib o‘tgan edim. 23 mart kuni nihoyat men XTV tomonidan Prezidentning “Davlat organlari huzuridagi jamoat kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g’risida” gi qarori asosida tashkil etilgan yangi Jamoatchilik kengashi a’zosi sifatida taklif etildim. Ushbu Jamoatchilik kengashini tuzish ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, vazirlik mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ishbilarmonlar va boshqalar bilan ijtimoiy sheriklik orqali yanada oshkora ishlashga umid qilyapti.

Afsuski, O‘zbekistonda hali ham nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari jamoat tashkiloti mavjud emas. Shu sababli, nogironlar jamiyatlari vakillari o‘z farzandlarining ovozini vazirlikka yetkazish uchun ana shunday ota-onalardan birini qo‘shishni taklif qildi. Shu sababli Vasila Kadirova – Toshkent shahrida yashovchi autizm bo‘lgan qizning yolg’iz onasi ham jamoat kengashiga a’zo sifatida taklif qilindi. U bilan birgalikda biz 26 mart kuni Zoom orqali Kengashning birinchi yig’ilishida qatnashdik. Men inklyuziv ta’lim masalalarini va 2020-2025 yillarda O‘zbekistonda qabul qilingan inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasini samarali amalga oshirish uchun nogironlar tashkilotlari va ota-onalarning o‘z-o‘ziga yordam guruhlari bilan maslahatlashish zarurligini eslatib o‘tdim.

Natijada, biz XTV bilan bir nechta amalga oshirish mumkin bo‘lgan vazifalarni belgilashga va ularga qarab harakat qilishga kelishib oldik. Xalq ta’limi vaziri, janob Sherzod Shermatov, O‘zbekistondagi nogironlik sohasida ishlaydigan bir nechta nodavlat notijorat tashkilotlar bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi. Yaqin orada biz Vazirlik va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi o‘rtasida qo‘shma uchrashuv tashkil qilishni rejalashtirmoqdamiz. Assotsiatsiya hozirgi kunda butun mamlakat bo‘ylab nogironlik sohasida faoliyati yuritayotgan 27 ga yaqin NNTni birlashtirdi. XTV Jamoatchilik kengashiga a’zoligimiz samarali bo‘lishiga umid qilamiz va ko‘plab nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari / tarbiyachilarining ovozi eshitilishi uchun birgalikda harakat qilamiz…

Yaqinda KUN.uz Internet nashriga ham O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun bir qator o‘z fikr-mulohazalarim va takliflarim bilan bo‘lishgan edim. «Ta’lim to‘g‘risidagi» qonunda tarixda birinchi marta inklyuziv ta’lim tushunchasi kiritilgani bilan uni tashkil etish tartibi hali ishlab chiqilmagan. Bundan tashqari, o‘qituvchilar tayyorgarligi, mutaxassislar yetishmasligi hamda umumta’lim maktablari binolarida sharoitlar yo‘qligi biz hali inklyuziv ta’limni tadbiq etishga tayyor emasligimizni ko‘rsatyapti. Bu sohada velosiped ixtiro qilish shartmas, chunki MDH davlatlari misol uchun Rossiya tajribasidan ancha narslarni o‘rganishimiz mumkin. Eng muhimi, inklyuziv ta’lim joriy qilish tartiblarini nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari, maxsus maktab-internatlari pedagoglari, nogironlar tashkilotlari vakillari bilan birgalikda ishlab chiqish kerak.

P.S. Jamoatchilik kengashi a’zolaridan birining bolalarni o‘zlarini Kengashning teng huquqli  a’zolar qatoriga qo‘shish haqidagi takliflari menga juda yoqdi. Darhaqiqat, bu juda yaxshi taklif edi, chunki bolalar ovozi, qiziqishlari va umidlari ham yuqori darajadagi qarorlarni qabul qilish jarayonida hisobga olinishi kerak.

No Comments

Post A Comment